Xorijiy sarmoyadorlar safi kengaymoqda
Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi Yangiyer shahrining rivojlanishi, iqtisodiy hamkorlik uchun imkoniyatlari va mahalliy hamkorlar bilan aloqalar oʻrnatish samaralari bilan tanishdi.
Shahar hokimi I.Xoʻjayev Xitoy Xalq Respublikasining bir guruh yirik kompaniyalari rahbarlarini qabul qilib, Oʻzbekiston va Xitoy hamkorlik aloqalari har tomonlama rivojlanib borayotgani va bu jarayon iqtisodiy sohada ham yangi bosqichda davom etayotganini taʼkidladi.
Shahar hokimligida oʻzaro doʻstona ruhda boʻlib oʻtgan uchrashuvda mutasaddilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi yuzasidan bajarilayotgan ijobiy oʻzgarishlar, shaharning mavjud ishlab chiqarish salohiyati hamda kommunikatsiya infratuzilmalari haqida maʼlumot berilib, hududda amalga oshirilgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti namoyish etildi.
Shuningdek, ikki tomonlama amalga oshirilishi mumkin boʻlgan yangi loyihalar xususida delegatsiya aʼzolariga takliflar ham berildi.
Oʻz navbatida, delegatsiya aʼzolari yigʻilganlarga oʻz fikr mulohazalarini bildirib, “Shaanxi chunhua Jiangjiahe Coal Mine Co., Ltd” kompaniyasi rahbari soʻngi yillarda Oʻzbekistonning xalqaro maydonda obroʻ-eʼtibori tobora ortib va mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi. Yurtimizda investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar samarasida chet ellik tadbirkorlarning kelishi ortayotganini qayd etdi.
Shahar hokimligidagi doʻstona qabuldan soʻng delegatsiya aʼzolari “Yangiyer” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif yakunida investorlar shaharda qurilish materiallari hamda meva-sabzovat mahsulotlarini sanoat usulida yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi.
A.QAYUMOV, OʻzA