Dunyo polvonlari Termiz gilamlarida bellashadi
Joriy yilning 2-6-oktyabr kunlari polvonlar yurti Termiz shahrida kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun XIV anʼanaviy al-Hakim at-Termiziy xalqaro turniri boʻlib oʻtadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Har ikki yilda oʻtkaziladigan ushbu nufuzli kurash bayramida mamlakatimizning eng sara polvonlari bilan bir qatorda dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 100 nafardan ziyod kurash ustalari ham gʻoliblik uchun gilamga tushadi.
Joriy yilgi xalqaro turnirning mukofot jamgʻarmasi 100 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Musobaqa Nizomiga koʻra, mutlaq vaznda gʻolib chiqqan polvon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
Xalqaro turnirda kurash boʻyicha Jahon chempionlari, Osiyo oʻyinlarining gʻoliblari ishtirok etadi. Ular qatoriga oʻzbek kurashi muxlislarining sevimli sportchilaridan biri sifatida eʼtirof etiladigan braziliyalik Aleksandr Katsuragi Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida shogirdlarini Termiz gilamlariga olib tushadi.
Musobaqa tashkiliy qoʻmitasi bergan maʼlumotlarga koʻra, Termiz shahrida xalqaro turnirni yuqori darajada oʻtkazish uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati