Samarqandda “O‘zbekiston – ShHT” sanoat zonasi tashkil etiladi — Vladimir Norov
O'zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida bugun, 29-iyul kuni Toshkent shahridagi ShHTga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig’ilishi bo'lib o'tmoqda.
Ushbu yig‘ilish bu yil tashkilot faoliyatidagi asosiy voqeaga – ShHT Davlat rahbarlari kengashining 2022-yil 15-16-sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishiga tayyorgarlikning yakuniy bosqichidir.
Yig'ilishda, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov nutq so’zladi.
"Pandemiyadan keyingi qiyinchiliklar va murakkab xalqaro vaziyatga qaramay, ShHT to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha davlatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim va samarali platforma bo‘lib qolmoqda, shuningdek, oldimizda turgan umumiy vazifalarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shmoqda", dedi u.
Shu bilan birga, Vladimir Norov ShHTning hali foydalanilmayotgan zaxiralarini chuqur tahlil qilish va yangicha qarash kerakligini ta'kidladi.
"Tashkilotimizning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarishning eng samarali yo‘li savdo, transport, sanoat va texnologik kooperatsiya, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt, “yashil iqtisodiyot” va iqlimga moslashish kabi sohalardagi haqiqiy hamkorlikni faollashtirishdan iborat.
Xususan, O‘zbekistonning Samarqand viloyatida “O‘zbekiston – ShHT” sanoat zonasini tashkil etish tashabbusi ana shu vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan", dedi vazir.