Byudjet boshqarmalari toʻgʻrisida seminar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Buyuk Britaniyaning Vestminster demokratiya fondi ekspertlari ishtirokida “Xorijiy parlamentlar huzuridagi byudjet boshqarmalarining roli va oʻziga xosligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar oʻtkazdi.
Qayd etilganidek, parlamentlar huzuridagi Byudjet boshqarmalari qonunchilik organini iqtisodiy va moliyaviy tahlillar bilan taʼminlash maqsadida koʻpchilik davlatlarda tashkil etilgan. Ushbu boshqarmalar mustaqil va xolis moliyaviy hamda iqtisodiy tahlillar tayyorlash bilan shugʻullanib, davlat mablagʻlariga bagʻishlangan parlament muhokamalari sifatini, shu bilan birga byudjet shaffofligi va hisobdorligini oshirishga yordam beradi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda byudjet jarayoni ochiqligi va shaffofligini oshirish borasida muhim ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda davlat byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi tartibi joriy etildi. 2018-yil 22-avgustda byudjet shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida “Ochiq byudjet” axborot portali ishlab chiqilib, ishga tushirildi. Shuningdek, byudjet xarajatlarining maqsadli yoʻnaltirilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, har yili jamoatchilikning fikrlari asosida davlat byudjetini koʻrib chiqish, tasdiqlash va sarflanishi toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi “Fuqarolar uchun byudjet” nashrini chop etish amaliyoti joriy etildi.
Davlat byudjetining shakllanishi va ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish yuzasidan parlament oldida turgan vazifalarni bajarish uchun parlamentga davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat qilishdagi vakolatlarini amalga oshirishda malakali yordam berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet boshqarmasi tashkil etildi.
Seminar davomida Vestminster demokratiya fondi mutaxassislari Annett Konelli va Elison OʼKonnor rivojlangan xorijiy davlatlar parlamentlarining byudjet boshqarmalari faoliyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.