Jenevada Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhining 5-yigʻilishi boshlandi
Kecha, 21-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhining 5-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda JSTga aʼzo mamlakatlarning 60 dan ortiq delegatsiyalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqan 25 JSTga aʼzo-davlatlarning barchasi, shu jumladan AQSH, YI, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqalar Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini bir ovozdan qoʻllab-quvvatlab, tashkilotga aʼzo boʻlishi mamlakatning koʻp tomonlama savdo tizimiga toʻliq integratsiyalashuviga imkon yaratishini, barcha aʼzo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga turtki berishini taʼkidladilar.
Ishchi guruh yigʻilishining ochilishida soʻzga chiqqan JST bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiya raisi - Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov mamlakatimizning tashqi iqtisodiy siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishining muhimligi va mutlaq ustuvorligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayonini faol ilgari surish va yaqin kelajakda Tashkilotga aʼzo barcha manfaatdor davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash boʻyicha qarori qatʼiy ekanligini tasdiqladi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Jenevada AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Braziliya, Shveysariya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Moʻgʻuliston va boshqa JSTga aʼzo yirik davlatlar - Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhi aʼzolari bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish yuzasidan qator ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazmoqda.