KONSTITUSIYAVIY ISLOHOTLAR: Asosiy maqsad - inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashdir
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bugungi amaliyotni chuqur tahlillaridan xulosa qilar ekanlar, huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganligiga alohida e’tiborimizni qaratdilar.
Ko‘pchilik uchun oddiy bo‘lib ko‘ringan bu amaliyot, aslida fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquq va erkainliklariga bevosita tegishli masala hisoblanadi.
Darhaqiqat, davlat boshlig‘i ta’kidlaganlaridek, “... gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qoladi”. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida, Prezidentimiz ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ni qo‘llash lozimligini va shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shartligi, ushbu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yishning vaqt-soati kelganligini aytib o‘tdilar.
O‘zi “Miranda qoidasi” deganda nima tushuniladi. Ko‘pchilikda bunday savolni paydo bo‘lishi tabiiy, albatta. Keling, gapni dastlab shundan boshlaylik.
O‘tgan XX asrda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ta’minlash borasida olib borilgan harakatlar samarasi o‘laroq, dunyoda demokratiyaning eng muhim negizi — inson huquqi va erkinligini oliy qadriyat sifatida e’tirof etadigan, uning himoyasini mustahkamlashga xizmat qiladigan ma’lum bir mamlakat, mintaqa va xalqaro miqyosda amal qiluvchi ko‘plab tarixiy hujjatlar qabul qilinishiga turtki berdi.
Biz yuqorida nomini qayd etgan “Miranda qoidasi” o‘tgan asrning o‘rtalarida AQSHda yashagan (jinoyat olamining vakili) Ernest Arturo Miranda nomi bilan bog‘liqdir. Axir, Miranda o‘zi ashaddiy jinoyatchi bo‘lgan bo‘lsa, uning insoniyat uchun xizmat qiladigan qanday qoidasi bo‘lishi mumkin, deb aytishingiz mumkin. Biroq, xulosa qilishga shoshilmang. Masalaga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, xalqimizni “bir yomonning bir yaxshisi ham bo‘ladi”, degan naqli bejiz aytilmaganligiga amin bo‘lasiz.
Umuman dunyo amaliyotida, inson huquqlariga oid dunyo mamlakatlari qonunchiligi rivojlanishining e’tiborli jihati shundaki, inson huquqlari bo‘yicha ayrim normalar dastlab milliy huquqda paydo bo‘lib, so‘ngra xalqaro-huquqiy normalar va standartlarga aylangan.
Anglo-sakson huquq oilasining muhim institutlaridan biri bo‘lgan “Xabeas korpus akt” ham dastlab milliy huquqda paydo bo‘lib, so‘ngra xalqaro darajada umume’tirof etilgan hujjat sifatida tan olingan inson huquqлариni sud orqali himoya qilishga oid jahon mamlakatlari qonunchiligining fundamental asosini tashkil etishi bilan birga ushbu soha rivoji yo‘lida o‘ziga xos yangi davrga asos solgan.
Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti yuqorida nomi qayd etilgan majlisda “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zarurligiga ham alohida e’tiborimizni qaratganlari bejiz emas edi.
Bizningcha, “Miranda qoidasi” haqida to‘liq tassavurga ega bo‘lish uchun “Xabeas korpus” institutiga qisqacha to‘xtalib o‘tish kerak bo‘ladi.
“Xabeas korpus” o‘z nomini sudyaning ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni sudga olib kelish to‘g‘risidagi buyrug‘ining birinchi so‘zlaridan olingan bo‘lib, “Habeas corpus ad subjiciendum”, ya’ni (sen shaxsni sudga olib kelishga majbursan), degan ma’noni anglatadi. Bu tartibot XV asrlardayoq paydo bo‘lgan va 1679 yil 26 mayda Angliya parlamenti tomonidan qonuniy rasmiylashtirilgan. Hozirgi kunda ushbu hujjat dunyoning barcha nuqtalarida, eng avvalo, anglo-sakson huquq tizimida va Lotin Amerikasi mamlakatlarida erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida keng tarqalgan.
Shu ma’noda, “Xabeas korpus” instituti singari “Miranda qoidasi” ham inson huquqlarini himoya qilish yo‘lida kurashlar tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan, inson huquqlariga oid milliy jinoyat-protsessual qonunchiligi hamda umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalarining muhim normalaridan biri hisoblanadi.
“Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytganlarning hammasi sudda o‘zingizga qarshi foydalanilishi mumkin”.
Bu mashhur ibora bir necha marta jinoiy javobgarlikka tortilgan Ernest Arturo Miranda ismli AQSH fuqarosining nomi bilan bog‘liq.
Gap shundaki, 1966 yili bir necha jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, hibsga olingan Mirandaga so‘roq qilinishdan oldin uning gumondor sifatidagi huquqlari o‘qib eshittirilmagan. Miranda o‘z huquqlarini bilmagan holda aybiga iqrorlik ko‘rsatuvlarini bergan, bunday ko‘rsatuvlardan esa uning iqrorligiga isbot sifatida foydalanilgan. Keyinchalik sudning bu hukmi Miranda o‘z huquqlaridan xabardor qilinmaganligi sababli AQSH Oliy sudi tomonidan bekor qilingan.
Nega deganda, AQSH Konstitutsiyasining 5 va 6-qo‘shimchalarida hech kim jinoiy ishlarda o‘ziga o‘zi qarshi guvohlik berishga majbur qilinishi; hech bir shaxs qonuniy sudda ko‘rilmay hayoti, erkinligi yoki mulkidan mahrum etilishi mumkin emasligi, shuningdek, ayblanuvchi ayblovning mohiyati va asoslaridan xabardor bo‘lish huquqiga ega ekanligi, u o‘ziga qarshi ko‘rsatuv berayotgan guvohlar bilan yuzma-yuz uchrashishi, o‘zi tomonidan guvohlarni majburan keltirish yoki o‘z himoyasi uchun advokat xizmatidan foydalanish huquqiga ega ekanligi belgilangan edi. Shundan buyon “Miranda qoidasi” dastlab so‘roq qilish oldidan yoki ushlab turish vaqtida gumon qilinuvchi va ayblanuvchiga quyidagi huquqlari tushuntirilishini kafolatladi:
“Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytganlarning hammasi sudda o‘zingizga qarshi foydalanilishi mumkin. So‘roq jarayonida advokatingiz qatnashishi mumkin. Agar advokat xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmasangiz, Siz advokat bilan davlat tomonidan ta’minlanasiz. Huquqlaringizni tushundingizmi?”
Shuni aytish kerakki, “Miranda qoidasi” bugungi kunda barcha davlatlar Konstitutsiyasi va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda umume’tirof etilgan norma sifatida belgilangan. Yana bir jihati shundaki, “Miranda qoidasi” turli davlatlar qonunchiligida turli xilda o‘z ifodasini topgan.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti aytib o‘tgan quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni, ya’ni inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasini konstitutsiyaviy darajada yanada mustahkamlashdan iborat.
ABDUMANNOB RAXIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
devoni rahbari,
yuridik fanlar nomzodi