O‘zbekiston Prezidenti Belarusga tashrif buyuradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 2019 yil 31 iyul – 1 avgust kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Belarus muloqotining davomi sifatida Minsk shahrida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollarini, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Prezidentlar Minskda O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi va Belarus yuqori texnologiyalar parki bilan tanishadilar.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti imzolanishi hamda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni, jumladan, investitsiyalar, ishlab chiqarish, ilmiy-texnik kooperatsiya sohalarida hamkorlikni kengaytirishga, hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga mustahkam asos yaratadigan salmoqli hujjatlar to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.