Qoraqalpog‘istonda biznesni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi
Davlatimiz rahbari Nukus shahridagi investitsiya loyihalari situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi.
Bu muassasa biznes loyihalarni shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha yaxlit tizim sifatida ishlaydi. “Yagona darcha” tamoyili asosida vazirlik, idora, hudud va tashkilotlar o‘rtasida tezkor hamkorlikni ta’minlaydi.
Markazda uchta - hududiy loyiha guruhi, strategik rivojlantirish guruhi va tadbirkorlarga tezkor yordam guruhi bor. Shuningdek, Tadbirkorlar kengashi bo‘lib, loyiha guruhlari bilan birga yangi g‘oya va takliflarni muhokama qiladi hamda ularga ishbilarmonlarni jalb etadi.
Bundan tashqari, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari hududda imkoniyati bor loyihalarni ishlab chiqib, tayyor holda aholiga taklif qiladi.
Markazga yetakchi sanoat tarmoqlarining vakillari biriktirilgan. Prezidentimizga Qoraqalpog‘istonda ushbu tarmoqlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida axborot berildi.
Avval xabar qilinganidek, Orolbo‘yi hududini birgalikda rivojlantirish uchun viloyat hokimliklari ham jalb etilgan. Ular tomonidan Qoraqalpog‘istonning har bir tumani bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan. Markazda ushbu rejalar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.