Vashington shahrida O‘zbekistonning investitsion salohiyati va kapital bozori istiqbollari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi
2019-yilning 18-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Vashington shahrida O‘zbekistonning investitsion salohiyati va kapital bozori istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga tayanib “Dunyo” axborot agentligi.
O‘zbekiston Elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra tadbirda rasmiy, ekspert, ishbilarmonlar doiralari, jumladan portfel investorlar, kompaniyalar va moliya-bank tuzilmalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va xalqaro institutlar vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev tomonidan mamlakatni rivojlantirish Strategiyasini amalga oshirish jarayoni, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari va O‘zbekiston – AQSh munosabatlarining istiqbollari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Taqdimot doirasida AQSh Prezidenti yordamchisining o‘rinbosari Liza Kertis, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uelss hamda AQSh – O‘zbekiston savdo palatasi (AO‘SP) raisi Kerolin Lemm nutq so‘zladi.
O‘z nutqida Liza Kertis O‘zbekistonning oxirigi 2,5 yilda haqiqiy savdo va tranzit chorrahasi sifatida qayta tiklanayotgan mintaqadagi o‘zgarishlar manbaiga aylanayotganligini e’tirof etdi. 2018-yilning may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi davomida AQSh O‘zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanligini rasman e’lon qilgani qayd etildi.
AQSh ma’muriyati vakili O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlar mintaqaviy hamkorlikni qayta tiklaganini ta’kidladi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuvini joriy yilning kuzida Toshkent shahrida o‘tkazish rejalari misol tariqasida keltirildi.
Liza Kartes Vashington respublikadagi iqtisodiy va sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlarni, jumladan O‘zbekistonning intellektual mulk himoyasi sohasida Jeneve konvensiyalariga qo‘shilganini ma’qullashini aytdi. Oq uy vakili mazkur qadamning O‘zbekiston iqtisodiyoti raqobatbardoshligini, biznes va investitsiyalar uchun jozibadroligini oshirishini qayd etdi. “Fortune 500”dagi kompaniyalardan tashkil topgan AQSh savdo vazirligining birinchi sertifikatlangan savdo missiyasi buning yaqqol dalilidir.
Nutq so‘nggida Liza Kertis ko‘plab xavf va qiyinchiliklarga qaramay islohotlardagi har bir odim orqali O‘zbekiston “mintaqaviy iqtisodiy kuch” sifatidagi o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga yaqinlashayotganini e’tirof etdi. “Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston mustaqilligi va suvernitetini qo‘llab-quvvatlaydi hamda shunday yorqin kelajakka erishish uchun sherikchilik qilishni sabrsizlik bilan kutmoqda”, – dedi Oq uy vakili.
Elis Uells Markaziy Osiyoni iqtisodiy rivojlantirish jarayonida respublikaning roliga alohida urg‘u berdi. Uning fikricha, mazkur sohada Toshkent tomonidan olib borilayotgan ishlar markazida Afg’oniston bilan hamkorlikni kengaytirish va ushbu mamlakatni mintaqa bilan integratsiyasini chuqurlashtirishni qo‘llab-quvvatlash turadi. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Hukumati tomonidan ham amaliy, ham diplomatik qadamlar tashlandi, deydi u. Davlat departamenti vakili ikki mamlakat biznes hamjamiyatlari o’rtasidagi aloqalarni faollashtirish, Afg’onistondagi infaratuzilma rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ushbu mamlakat yoshlarini Termiz shahrida ta’lim olishini tashkil etishni amaliy chora-tadbirlarga misol tariqasida keltirdi. O‘z navbatida diplomatik chora-tadbirlar butun mintaqa uchun ikki tomonlama do‘stlik munosabatlari me’zonlarini belgilashga hamda Afg’onistonni Markaziy va Januby Osiyoning ajralmas qismiga aylantirishga imkon beruvchi muzokaralar jarayoni boshlanganini nazarda tutadi.
O‘zbekiston – AQSh munosabatlarning hozirgi darajasi to‘g‘risida Elis Uells “ikki mamlakat hamkorligining istiqbollarida chegara yo‘q”ligini ta’kidladi. AQSh O’zbekiston bilan aloqalarni kengaytrishda “iloji boricha tezroq” aniq natijalarga erishishga tayyor. AQSh ma’muriyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotchilik kun tartibiga maksimal darajada hamfikr bo‘lishga tayyor. U bugun Toshkent va Vashington muloqoti savdo va investitsiyalar, ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar kabi muhim sohalarda rivojlanayotganligini ta’kidladi.
Elis Uells O‘zbekiston va Missisipi shtati o‘rtasidagi sherikchilik aloqalarini mustahkamlashda erishilgan muvaffaqiyatni alohida ajratib ko‘rsatdi.
“Biz o‘tgan yil mobaynida O‘zbekiston – Missisipi aloqalaridagi o‘ta faollikning guvohi bo‘ldik, mudofaa idoralari, oliy ta’lim muassasalari, biznes vakillari o‘rtasidagi sherikchilik rivojlanmoqda, Kongressdagi birinchi “O‘zbekiston bo‘yicha Kokus” aynan shu shtat kongressmenlari ishtirokida tashkil etildi, gubernator Fil Brayantning tarixiy tashrifi tashkillashtirildi”, – dedi u.
Nutqi yakunida Elis Uells AQSh ma’muriyati “ikki davlat xalqlari, hukumatlari, biznesi o‘rtasidagi” muloqotni yanada kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Davlat departamenti vakili “O‘zbekiston bilan tarixiy sheriklikni qayta yo‘lga qo‘yish va har tomonlama kengaytirish” Vashingtonning yakuniy maqsadi ekanligini e’tirof etdi.
Kerolin Lemm O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-investitsion hamkorlikni rivojlantirish borasida AO‘SP tomonidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Kerolin Lemm tadbir ishtirokchilariga chet el investorlari uchun maksimal qulay sharoitlarni yaratish, jumladan valyuta siyosatini liberallashtirish, erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, raqobatni qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikni takomillashtirishga yo‘naltirilgan respublikadagi keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Kerolin Lemmning fikricha, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun va mazkur yo‘nalishda may oyidagi Prezident farmonining qabul qilinishi, farmon asosida 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturining tasdiqlanishi chet el biznesining O‘zbekistonga qiziqishini sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi islohotlarning asosiy mezoni hisoblanadi. AO‘SP raisi mazkur hujjatlar respublikaga AQShning ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ham portfel investitsiyalari oqimini kuchaytiradi, deb hisoblaydi.
Kerolin Lemm AO‘SP ilk bor tashkil etilgan 1993-yilda uning tarkibida 3 ta a’zo bo‘lganini, o‘tgan yillar mobaynida ularning soni 39 ta kompaniyaga yetganini e’tirof etdi. Bu AQSh biznesining O‘zbekistonga qiziqishi o‘sganidan dalolat beradi, deb hisoblaydi AO‘SP rahbari.
Ma’ruzalardan so‘ng “Kapital bozorini tartibga solish bo‘yicha qonunchilik bazasini yaxshilash: investorlarning huquqlari, mas’uliyati va himoyalash kafolatlari” hamda “AQSh portfel investorlarini O‘zbekistonga jalb qilish” mavzularida panel muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Ularda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari – Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Atabek Nazirov, Investitsiya va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Laziz Kudratov nutq so‘zladi. AQSh tomonidan panel muhokamalarda “Baker McKenzie” xalqaro yuridik firmasi sherigi Tomas Fayrston va “Macro-Advisory” konsalting kompaniyasi sherigi Jey Pi Natkin ishtirok etdi.
Munozaralar doirasida investorlarni qo‘llab-quvvatlash, mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik bazasini mustahkamlash sohalarida hamda kapital bozorini rivojlantirish jabhasida O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan choralar muhokama qilindi. Taqdimot ishtirokchilariga mamlakatda amalga oshirilayotgan, jumladan davlatning iqtisodiyotga aralashuvi darajasini pasaytirish, korrupsiyaga qarshi faol kurashish, davlat idoralari ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, chet el investitsiyalari uchun qulay sharoit yaratish, tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyoz va preferensiyalar berish orqali hayotga tadbiq qilinayotgan tartibga soluvchi va iqtisodiy o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.