Samimiy qutlovlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga uning joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida g‘alaba qozongani munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga mustahkam sog‘lik, omonlik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot hamda farovonlik tilaklari bildirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Joriy yil mart oyida Toshkentda samarali fikr almashganimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bayonotni imzolaganimizdan mamnunman. Turkiy Kengash doirasidagi hamkorligimiz Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Ishontirib aytamanki, mening Hukumatim ikki tomonlama munosabatlarimizni rivojlantirib borishda har doimgidek qat’iydir.
Kelgusi yilda Budapeshtda rasmiy tashrif doirasida Prezident janoblari bilan shaxsan uchrashishdan umidvorman hamda ushbu tashrif munosabatlarimizni mustahkamlash uchun yana bir imkoniyat bo‘lishiga ishonaman.
Oldingizda turgan mas’uliyatli vazifalarni ro‘yobga chiqarishda Sizga omad va mustahkam sog‘lik tilayman!
Viktor Orban,
Vengriya Bosh vaziri
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan tabriklayman.
Prezident saylovi natijalari mamlakatingiz fuqarolari Sizning iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va odamlar farovonligini oshirishga qaratilgan siyosatingiz va bunyodkorlik ishlaringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayotganini yaqqol tasdiqlab turibdi.
Sizning Prezident lavozimidagi muvaffaqiyatli faoliyatingiz davrida O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalarda xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan, respublikaning jahon sahnasidagi nufuzini mustahkamlagan ulkan yutuqlarga erishdi.
Sizga berilgan ovozlar soni mutlaq ko‘pchilikni tashkil etgani O‘zbekiston xalqi o‘z Prezidentiga cheksiz ishonch bildirganini aniq-ravshan ko‘rsatdi. Bu fidokorona mehnatingiz va Vatanga xizmatingiz uchun berilgan eng yuksak mukofotdir.
Parlamentlarimiz o‘rtasidagi konstruktiv va ochiq muloqot mamlakatlarimiz hamkorligida to‘plangan boy tajribaning uzviy qismidir. Ishonchim komil, Sizning bebaho ko‘magingiz bilan hamkorlikning ushbu muhim yo‘nalishi bundan buyon ham Rossiya-O‘zbekiston aloqalarining barcha sohalarini jadallashtirishning samarali vositasi bo‘lib qoladi.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va oliy davlat lavozimidagi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman. Tajribangiz, izchillik va intiluvchanligingiz O‘zbekiston Respublikasi xalqining farovonligi yo‘lidagi sermahsul ishlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilsin.
Sizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Valentina Matviyenko,
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi
Federatsiya Kengashi Raisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
MDH Ijroiya qo‘mitasiga qaytib, yana bir bor Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabangiz bilan tabriklashni istardim.
MDHning kuzatuvchilar missiyasi rahbari sifatida mamlakatingiz aksariyat fuqarolarining Sizga bo‘lgan ishonchi yuqori darajada ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim.
Sizning davlat rahbari sifatidagi faoliyatingiz O‘zbekiston Respublikasining izchil taraqqiyotiga, xalqaro maydondagi o‘rni yanada mustahkamlanishiga, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makonidagi integratsiya jarayonlari chuqurlashishiga bundan buyon ham xizmat qilishiga qat’iy ishonaman.
Fursatdan foydalanib, MDH kuzatuvchilari missiyasining faoliyatiga yaratilgan hamda saylov kampaniyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlarida xolisona monitoringni amalga oshirish imkonini bergan qulay sharoitlar uchun tashakkur bildiraman.
Siz bilan shaxsan uchrashish hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi tashqi va ichki vaziyatning dolzarb masalalari, O‘zbekiston Respublikasining bugungi rivojlanishi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi muammolari yuzasidan ochiq suhbatlashish imkoniyati uchun chin dildan minnatdorman.
Prezidentlikka saylovdagi g‘alabangiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni yo‘llash bilan bir qatorda Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, O‘zbekiston xalqi farovonligi yo‘lidagi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman.
Sergey Lebedev,
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi
Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz munosabati bilan tabriklashga ijozat bergaysiz. 2021 yil iyul oyida O‘zbekistonga tashrifim davomida yurtingizning otashin mehri va mehmondo‘stligidan bahramand bo‘lib, uning iqtisodiy taraqqiyotiga guvoh bo‘ldim.
O‘zbekiston Respublikasi Jahon bojxona tashkilotining (JBT) yaqin hamkori hamda xalqaro savdoni qo‘llab-quvvatlash va ta’minlash ishiga sodiq bo‘lib qolishiga ishonaman.
JBT ushbu sheriklikni yuksak qadrlaydi, Sizning O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqadagi aloqalarni kengaytirishga muhim hissa qo‘shayotganingizni olqishlaydi.
Administratsiyangizga yuklatilgan muhim vazifalarni bajarishda Sizga har tomonlama muvaffaqiyat tilayman.
Prezident janoblari, eng ezgu tilaklarim va Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qiling.
Kunio Mikuriya,
Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va davlat rahbari lavozimiga qayta saylanganingiz to‘g‘risidagi xabarni katta mamnuniyat bilan qabul qildim. Ushbu muhim voqea – O‘zbekiston xalqi Sizga yana bir bor ishonch bildirgani bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizning oqilona va chuqur o‘ylangan rahbarligingizda O‘zbekiston aholisi bundan buyon ham katta erkinliklar va farovon turmushdan bahramand bo‘lishiga ishonchim komil.
O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning juda faol a’zosidir, ushbu hamkorlik yanada mustahkamlanishidan umidvorman. Janobi Oliylari, Siz ham bu intilishni qo‘llab-quvvatlashingizga ishonaman, shu sababli hamkorligimizni yanada yuksak darajaga olib chiqishimizga umid qilaman.
Sizni yana bir bor tabriklayman va omad tilayman. Yaqin fursatda Siz bilan uchrashish imkoniyatini orziqib kutaman.
Samimiy hurmat bilan
Marting Chungong,
Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Janobi Oliylari,
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qozonilgan ishonchli g‘alabangiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan saylovda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Turkiy Kengashdan kuzatuv missiyalari ishtirok etib, mazkur muhim siyosiy tadbir xalqaro miqyosda e’tirof etilgan standartlarga muvofiq o‘tganiga guvoh bo‘ldilar.
Mazkur saylov O‘zbekiston xalqining yana bir bor fidoyiligi, shijoati va faolligini namoyon etgan bo‘lsa, ovoz berish natijalari qardosh xalqning Yangi O‘zbekistonda Siz Janobi Oliylarining rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan islohotlarni naqadar qo‘llab-quvvatlayotganini to‘liq tasdiqladi.
Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga Turkiy Kengash faoliyatini doimiy qo‘llab-quvvatlayotganingiz va turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shayotgan bebaho hissangiz uchun minnatdorlik bildirib, Sizga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyat hamda qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat va ehtirom ila
Bag‘dod Amreyev,
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi
bosh kotibi
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.