“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali 2019 yilning 26-30 avgust kunlari oʻtkaziladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 fevralda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali oʻn ikkinchi marta 2019 yilning 26-30 avgust kunlari oʻtkazilish haqidagi taklifi maʼqullandi.
Shuningdek, Qaror bilan Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita tarkibi tasdiqlandi.
Festival doirasida “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi. Unda xorijlik va mahalliy taniqli musiqashunos olim va mutaxassislar hamda tadqiqotchilar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etadi.
OʻzA