O‘zbekiston-Xitoy hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamda ta’lim sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi tomonidan Gonkong maxsus ma’muriy tumani va Shenchjen shahrida qator tadbirlar tashkil etildi.
Mamlakatimiz elchixonasi vakillari va Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Umumxitoy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Lyan Chjenin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Gonkong kompaniyalarining O‘zbekistondagi sarmoyaviy va ma’rifiy loyihalardagi ishtiroki masalasi muhokama qilindi.
Tadbirda Gonkong “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha qator afzalliklarga ega ekani alohida ta’kidlandi. “Bu esa Gonkongning moliyaviy, logistik va boshqa yo‘nalishlarda “xab markazi” sifatidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini bermoqda”, dedi L.Chjenin.
Uning e’tirof etishicha, tarixiy “Buyuk ipak yo‘li” ruhidagi zamonaviy hamkorlikni rivojlanishi uchun o‘ta muhim bo‘g‘in hisoblanadigan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning mintaqaviy transport xabiga aylanishi mumkin.
Tadbirda O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida savdo-iqtisodiyot, sarmoyalar, texnologiyalar, ta’lim va sayyohlik sohalaridagi samarali hamkorlik uchun ulkan salohiyatlar borligi ta’kidlandi. Gonkongda O‘zbekistonga sarmoya kiritish va biznes yuritish borasida katta qiziqish mavjud. O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi taklifiga binoan joriy yil iyul oyida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan Gonkong ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida birgalikdagi ishlarning amaliy jihatlari muhokama qilinadi.
Muloqot chog‘ida ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratildi. Shu o‘rinda O‘zbekistonda Gonkong oliy ta’lim muassasalarining bo‘limlari va o‘rta maktablarini ochish, ta’lim jarayoniga xitoylik mutaxassislarni jalb etish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston tomoni xitoylik va gonkonglik fuqarolarga viza berish tartibini yengillashtirgani Xitoydan o‘zbek zaminiga kelayotgan sayyohlar sonini oshirishga ko‘maklashishi bilan bir qatorda O‘zbekiston shaharlari va Gonkong o‘rtasida qo‘shimcha aviaqatnovlarni ochish zaruratini yaratgani ta’kidlandi.
Mamlakatimiz vakillari «Yilin BAGU GROUP» O‘zbekiston – Xitoy kompaniyasining ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda ham ishtirok etdi. Ushbu kompaniya poytaxtimizda O‘zbekiston-Xitoy an’anaviy tibbiyot markazi, “Do‘stlik” klinikasi, Nukus shahrida alyumin folgasi tayyorlashga hamda shifobaxsh giyohlardan dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodlar qurish kabi loyihalarni hayotga tadbiq etmoqda.
«Huawei» kompaniyasining Shenchjen shahridagi bosh qarorgohida «Kelajak nihollari» («Seeds for the future») o‘quv dasturining yakunlanishi munosabati bilan qator mamlakatlar yoshlari, jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalarining taqdirlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Kompaniya vitse-prezidenti Yuy Chenlan axborot texnologiyalari sohasida, xususan, dasturiy mahsulotlar, telekommunikatsiya, axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida yosh mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
“Hong Kong Airlines” va “CTSHK Metropole International Travel Services” kompaniyalarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ham o‘zaro hamkorlik istiqbollari bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Shuhrat Umirov,
“Dunyo” AA muxbiri,
Pekin