Energetika va kimyo sohalaridagi investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni neft-gaz, kimyo va elektr energetikasi sohalaridagi investitsiya loyihalarini yanada jadallashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Ushbu sohalar sanoat va tadbirkorlik rivoji, aholi turmush darajasiga asos bo‘lishi bilan juda muhimdir. Shu bois mazkur tarmoqlarda ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilda 2 milliard 730 million dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish hisobiga neft-gaz sohasida 16 ta, 850 million dollar evaziga kimyo tarmog‘ida 17 ta, 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ vositasida elektr energetikasi bo‘yicha 28 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda ushbu loyihalar muhokama qilinib, ularning ijrosi bo‘yicha mutasaddilarning hisobоti eshitildi.
Davlatimiz rahbari energiya resurslari ishlab chiqaruvchi, taqsimlovchi va yetkazib beruvchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, uglevodorodlar qazib olish hajmini ko‘paytirish, mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
To‘raqo‘rg‘on, Navoiy, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalarida olib borilayotgan qurilish va modernizatsiya ishlarini tezroq yakunlab, bu yil foydalanishga topshirish, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida zamonaviy bug‘-gaz qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yanada keng joriy etish kerakligi qayd etildi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol, Jizzax plastmassa zavodida to‘qimachilik sohasi uchun kimyoviy qo‘shimchalar ishlab chiqarish loyihalarini foydalanishga topshirish, Yangiyer shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarish loyihasini jadallashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
– Iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshiruvchi ushbu tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish kerak. Bu boshqa turdosh va yondosh sohalar rivojini ham ta’minlab, ko‘plab ish joylari yaratadi, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda neft-gaz, kimyo va elektr energetikasi sohalarida bu yil yakunida kutilayotgan natijalar hamda kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar ko‘rib chiqildi.