Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti boshlandi
Dushanbe shahridagi «Ko‘hi Navro‘z» saroyida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning navbatdagi sammiti boshlandi.
Unda kengashga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillaridan iborat 30 dan ziyod delegatsiya ishtirok etmoqda.
Tadbir oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon samimiy qutladi.
So‘ng barcha delegatsiyalar rahbarlari birgalikda suratga tushish marosimida qatnashdi. Tojikiston rahbari sammitni kirish so‘zi bilan ochdi.
OHIChK qit’amizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatlar va xalqlar farovonligini oshirishga qaratilgan xalqaro forumdir.
Kengashga bugungi kunda mintaqa hududi va aholisining 90 foizini qamragan 27 davlat a’zo. Sakkiz mamlakat va beshta nufuzli xalqaro tuzilma - Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Turkiy tilli mamlakatlar Parlament assambleyasi uning kuzatuvchilaridir.
O‘tgan yillarda ushbu tuzilmaning Qozog‘iston, Turkiya va Xitoy raisligida to‘rtta sammiti bӯlib ӯtgan. Bu galgi uchrashuv “Xavfsiz va yanada ravnaq topgan mintaqa sari yagona yondashuv» mavzusida o‘tkazilmoqda.
Majlis kun tartibidan mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, terrorizm va ekstremizmga, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga doir dolzarb masalalar o‘rin olgan.