Xalqaro investitsiya forumi : 320 million dollarlik bitimlar imzolandi
Namangan shahrida 7-8 iyun kunlari “Doing business with Namangan” xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Namangan viloyati hokimligi va boshqa tegishli idoralar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forumda 500 dan ziyod qatnashchi, jumladan, dunyoning 36 mamlakatidan kelgan 230 dan ziyod biznes doira vakillari, 100 dan ortiq xorijiy mehmonlar, akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xorijiy ommaviy axborot vositalari, mamlakatimizning chet ellardagi 18 ta elchixonasi mutasaddilari ishtirok etdi. Shuningdek, 8 musulmon mamlakati – Kuvayt, O‘mon, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Pokiston, Eron va Ozarbayjondan 100 ga yaqin ishbilarmon qatnashdi.
Tadbir yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Abdualiev, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov nutq so‘zladi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Kamolov Namanganning iqtisodiy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etdi, hududda biznes yuritish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. Viloyat tadbirkorlari tomonidan hududning eksport salohiyati va to‘qimachilik agroklasterlari, chorvachilikni kengaytirish uchun mavjud sharoit, davlat-xususiy sherikligi va boshqa qator yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirishga doir imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Sho‘ba majlislarida Namangan viloyatida sanoat, qayta tiklanuvchi muqobil energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi, innovatsiya va turizm sohalarini rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, tadbir asnosida Namangan viloyatining turli sohalardagi eksport mahsulotlari ko‘rgazmasi, “B2B” va “G2B” shaklidagi muzokaralar o‘tkazildi.
Xalqaro investitsiya forumi ishtirokchilari 8 iyun kuni Namanganning “Istiqlol dizayn”, “Art Soft Teks”, “Merrimed farm”, “Chortoq mineral water”, “Ideal” kabi eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi. Xorijlik mehmonlar “Axsikent” arxeologik majmuasi, “Chortoq resort”, Is’hoqxon To‘ra Ibrat memorial majmuasi va viloyatning boshqa madaniy-tarixiy, sayyohlik va ta’lim ob’ektlarida bo‘lishdi.
Namangan viloyati hokimligida Hindiston, Rossiya, Avstriya, Xitoy, Eron, Singapur, BAA, Kuvayt, O‘mon, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa davlatlar yirik kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar ham tashkil qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘tkazgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati bilan Avstriya kompaniyalari “AME International GmbH” va “AVK GmbH” vakillari o‘rtasida umumiy qiymati 10,5 million AQSh dollari miqdorida foizsiz kredit jalb etish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzolandi. Ushbu hujjat Namangan viloyati kardiologiya markazi moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga qaratilgan.
Hindistonning “Ultimate Investment” kompaniyasi raisi M.Gupta bilan tashkil etilgan muzokaralar ham samarali kechdi. Unda Namangan viloyati hokimligi bilan kompaniya o‘rtasida mehmonxonalar va biznes markazi qurish bo‘yicha umumiy qiymati 50 million AQSh dollariga teng bitim imzolandi.
Shu bilan birga, Xitoyning “Yantag Jimpeng Mining” kompaniyasi bilan Pop tumanida foydali qazilmalar qazib olish sohasida 40 million AQSh dollarilik loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.
Rossiyaning “Torgovыy dom Tavifa” kompaniyasi bilan esa to‘qimachilik mahsulotlari eksporti bo‘yicha 30 million AQSh dollarilik shartnoma imzolandi.
Forumning birinchi kuni yakunlariga ko‘ra, umumiy qiymati 170 million AQSh dollariga teng 24 ta investitsiya bitimi va eksport shartnomalari imzolangan bo‘lsa, ikkinchi kuni yana 15 ta bitim bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shu tariqa, jami umumiy qiymati 320 million AQSh dollariga teng 39 ta hujjat imzolandi.
Forum doirasida Namangan viloyati hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda mintaqada ilk marta eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlaydigan, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari katalogini o‘z ichiga oladigan “madeinnamangan.uz” portali ishlab chiqildi va ishga tushirildi.
Forum yakunida ishtirokchilar ko‘p sonli xorijlik mehmonlarning viloyatga tashrifi chet ellik ishbilarmonlarning O‘zbekistonda biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat ekanini qayd etdi. Bu kabi forumlarning doimiy tashkil etilishi mamlakat iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va yaxshilanayotgan ishbilarmonlik muhiti to‘g‘risida keng ommani xabardor qilib borish imkonini berishi ta’kidlandi.