O'zbekistonlik talabalar Singapurda o'tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

Joriy yilning 12–13-iyul kunlari Singapurda "Asia Student Leadership Conference – 2025" (Osiyo talabalar yetakchiligi konferensiyasi) bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur nufuzli tadbir har yili "Smile Asia" xalqaro xayriya tashkiloti tashabbusi bilan o'tkazib kelinmoqda. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan eng faol va iqtidorli talabalar, shuningdek, o'z sohasining yetakchi xalqaro ekspertlari ishtirok etadi.
Bu yilgi konferensiyada 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari qatorida O'zbekiston vakillari – Sevara Hasanova va Diyora Qosimova ham faol ishtirok etdi.
Ular tengdoshlar bilan birgalikda jamoaviy amaliy mashg'ulotlarda, yetakchilik bo'yicha mahorat darslarida qatnashib, o'z liderlik ko'nikmalarini mustahkamlash imkoniga ega bo'ldilar. Tadbir davomida Singapur va boshqa davlatlardan kelgan ekspertlar o'z tajribalari bilan o'rtoqlashishdi.
Konferensiya yakunida o'tkazilgan madaniyat kechasida ishtirokchilar o'z davlatlarining milliy madaniyati va boy merosiga bag'ishlangan sahna ko'rinishlarini namoyish etdi. O'zbekiston talabalari kiygan milliy atlasdan tikilgan liboslar va yurtimiz tarixi, madaniyati va bugungi taraqqiyotiga bag'ishlangan taqdimot xorijiy tomonga katta taassurot qoldirdi.
O'zbekiston talabalarining mazkur konferensiyada ishtiroki tashkilotchilar va xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholandi. Shuningdek, O'zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining amaliy natijalari hamda yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e'tibor va yaratilgan keng imkoniyatlar e'tirof etildi.